Fanlar haqida she’rlar bolalar uchun
Bu yerda bolalar uchun fanlar haqida she’rlar joylashtirilgan. Marhamat, bahramand bo’ling!
Ona tili
Har bir harf , bo’g’indan
Tuzamiz turli so’zlar.
Ozoda va chiroyli
Yozsak quvonar ko’zlar.
O’qish
She’r , hikoya , ertakni
Hech qiynalmay o’qiymiz.
O’qib bo’lgach albatta ,
O’qiganni uqiymiz.
Matematika
Matematika darsi
Hisob-kitoblar bahsi.
To’rt amal bilmoq uchun
Tinglamoq kerak yaxshi.
Tabiatshunoslik
Atrofimizdagi olam ,
Bu— biz ucun tabiat.
Tuproq , suv — bizga ona ,
Oldik undan tarbiya .
Tasviriy san’at
Tasvirlaymiz olamni ,
Musavvirmiz o’g’il-qiz .
Sir-asrorin o’rganib ,
Olamiz chuqur ildiz .
Musiqa
Notalar bor do, re,mi ,fa…
Qarang qanday jarangli-ya.
Chalsak rubob yoki doira ,
Notalar bo’lar shoira .
— Ro’zimurod Bolqiyev
Matematika
Bo‘linuvchi, bo‘luvchi,
Qani, bo‘linma toping.
O‘nni o‘nga bo‘lganda
Bir bo‘lar, shuni biling.
➖➖➖➖➖➖
Karra jadvalni bilsang,
Ko‘paytirish oson ish,
Yodda tutgin, hayotda
Hisob kerak yoz-u qish.
➖➖➖➖➖➖➖
Kamayuvchi, ayriluvchi,
Hosil bo‘lar ayirma,
Yuzdan saksonni ayir
Javob bo‘lar yigirma.
➖➖➖➖➖➖
Uchga to‘rtni qo‘shamiz
Javobi bo‘lar yetti.
Shunday oson topilar
Qo‘shishda har yig‘indi.
➖➖➖➖➖➖
Arifmetik to‘rt amal,
Qo‘shish hamda ayirish,
Mulohazaga chorlar
Bo‘lish va ko‘paytirish.
➖➖➖➖➖➖
Hisob-kitobni bilsang,
Barcha yo‘l senga ochiq.
Hayotda qoqilmaysan
G‘oliblik senga tortiq!
➖➖➖➖➖➖
Birlar, o‘nlar va yuzlar,
Ko‘p xonali sonlar bil.
Sodda, qiyin masala,
Yechishga to‘pla aql.
➖➖➖➖➖➖
Ko‘paytirish jadvalin
Ikkilanmasdan yodla,
O‘lchov birliklarini
Yoddan aytgin baralla.
➖➖➖➖➖➖
Bitta-bitta qo’shib chiq
Men aytajak so’zlarni!
Ota, ona, qo’shnilar,
Aka, uka, do’stlarni.
Opa, singil, amaki,
Tog’a, xola, ammani.
Bir-bir qo’shib boraver
Bobo, buvi — hammani.
Maktab plyus mahalla,
Qirlar, soylar, buloqlar,
Yana qo’shuv bir gala
Sigir, echki, uloqlar.
Ularga qo’sh hovlini
Qozon, o’choq va tandir.
Barining yig’indisi,
Bilsang, ona Vatandir.