Hayvonlar va hasharotlar haqida she’rlar bolalar uchun
Bu yerda bolalar uchun hayvonlar va hasharotlar haqida she’rlar joylashtirilgan. Marhamat, bahramand bo’ling!
CHUMOLI
Bellar qildek, tin bilmas,
Bizlar bir jon-bir tanmiz.
Intizom hech buzilmas —
Tizilishgan marjonmiz.
Topsak hamki bir uvoq,
Talashmayin yeymiz biz.
Ahillik noni har chog’
Barakali deymiz biz
Kapalak
Hoy, kapalak, kapalak,
Qanotlaring ipakdak.
Muncha shoshib uchasan,
To’xta, so’zlayin andak.
Uchrataman har kuni
Seni har kun bog’chamda,
So’rib gullar sharbatin
O’ltirasan olchamda.
Borib ushlay deganda
Shoshib darhol uchasan.
Sira tutqich bermasdan
Guldan gulga ko’chasan.
Mendan aslo qochmagin,
Do’st bilaman o’zimga.
Pildir-pildir uchishing,
Oh, yoqadi ko’zimga.
Ucn, uchaver, uchaver,
Go’zal bog’cham — gulshanda.
Sira ozor bermayman
Sevgim, fikrim bor senda.
Kapalakjon, kapalak,
Qanotlaring ipakdak.
Do’st bo’laylik ikkimiz,
To’xta, so’zlayin andak!
— Zafar Diyor (1912-1946)
TULKI
Mendirman o’sha tulki,
Bo’lganman juda kulgi.
Tovuq-xo’roz o’g’risi,
Ayyordirman to’g’risi.
Dumim bor ancha uzun,
Dam olaman kunduzi.
Bo’lsa ham-ki, kun sovuq,
Ovdaman, o’ljam tovuq.
— RO’ZIMUROD BOLQIYEV
Baliq
Hamisha yuraman jim,
Yo’qda boshqa ilojim.
So’zlay desam bir zumga,
Suv tiqilar og’zimga.
ZEBRA
Tanib oling — Zebraman,
Chiroyliman, zeboman.
Ola-bula badanim,
Afrikadir Vatanim.
KENGURU
Derlar meni Kenguru,
Maxluqning qiziq turi.
Bolam yurar xaltamda,
Bexavfroqda chamamda…
BEGEMOT
Mening otim Begemot,
Suv ichida yurar ot.
Ko’rinishim qo’polroq,
O’zim yuvoshman biroq.
JIRAFA
Mening otim Jirafa,
Taniysiz ko’rgan daf’a.
Bo’ynim uzun — darozman,
Chopong’ichman, shovvozman