Tabiat va fasllar haqida she’rlar bolalar uchun

Tabiat va fasllar haqida sherlar

Bu yerda bolalar uchun tabiat va fasllar haqida she’rlar joylashtirilgan. Marhamat, bahramand bo’ling!

Bahor keldi (qisqa she’r)

Keldi bahor, gul bahor
Erib bitdi oppoq qor.
Uchib keldi qushlarjon,
Daraxtlar taqdi marjon.


Bahor keldi (uzunroq she’r)

Qo‘llarida soz bilan,
Gul g‘uncha parvoz bilan,
Silkinib parvoz bilan,
Uchib turna, g‘oz bilan,
Qadrdon bahor keldi.

Bahorni kuting bog‘da,
Bog‘ emas, dala, tog‘da,
Maysa yashnagan chog‘da,
Qushlar sayrar butog‘da,
Sevikli bahor keldi.

Har narsada o‘zgarish,
Erib, oqib jo‘nar qish.
Har yoqda yashnar turmush,
O’rik gulladi kumush,
Mehnat bahori keldi.

Bezanar maktab bogi,
Gulga to‘lib quchog‘i.
Toshar hayot irmog‘i,
Maktab dam olar chog‘i,
O’quvchi, bahor keldi.

O’tmasin go‘zal fursat,
Qani g‘ayrating ko‘rsat.
Imtihon, sinovga vaqt
Hozirmi, darslaring taxt,
Hushyor bo‘l, bahor keldi.
— Quddus Muhammadiy (1907-1997)


BAHOR

Kuchli janub quyoshi

Jilg’a qildi kir qorni.

Daraxtlarda kurtaklar

Kutib yotar bahorni.

Majnuntolning sochlari

Suvga qarab sollandi.

Jo’shqin soyning mavjlari

Kun nurida tovlandi.

Har bir giyoh talpinar,

Qo’shiq aytar har irmoq.

Jajji izlarni olib

Chopqillaydi yo’l, so’qmoq.
— Nurulloh Oston


Bahor yaqin

O’tib ketdi qishning sovuq
Ham bo’ronli kunlari.
Ortda qoldi oy, yulduzsiz,
Tim qorong’i tunlari.

Endi quyosh ko’proq boqar,
Dalalarga, bog’larga.
Quchoq-quchoq yog’du sochar,
Adirlarga, tog’larga.

Bezanishar dala-qirlar,
Chechak taqar o’tloqlar.
Bahor yaqin, bahor yaqin,
Bahor yaqin, o’rtoqlar.

Ko’nglim yana tog’day o’sar,
Ko’rkam bahor kelganda.
Quvongayman dasta-dasta
Gul-chechaklar terganda…

— Zafar Diyor


HAMAL

Yondi ko’kning nayzasi,

Undi yerning maysasi.

Shamol keldi, yel keldi,

Shovqin bilan sel keldi.

Cho’mildi dala-qirlar,

Chuchmomalar qiqirlar,

Qish qasriga qamal bu,

Sog’intirgan hamal bu!
— Nurulloh Oston


DASHTDA

Dashtda sabza barq urdi,

Qaldirg’ochlar charx urdi.

Soy suvlari shovullar,

Qizg’aldoqlar lovullar.

Oppoq tongning nafasi,

To’rg’ayning nozli sasi

Oh, naqadar gashtlidir,

Men qo’msagan dasht shudir!
— Nurulloh Oston


VARRAK UCHIRDIK

Kurtakladi tokimiz,

Gulga kirdi nokimiz.

Ko’kda qushlar chuldirar,

Yerda maysa gurkirar,

Tomga tirab xarrakni

Biz uchirdik varrakni!
— Nurulloh Oston


SOVG’A

Bir, ikki, uch moma,

Bizga topil, chuchmoma.

Chaqmoqning nayzasini,

Adirning maysasini,

Ismaloqning isini,

Qizg’aldoqning qizini

Bizga sovg’a qil, bahor,

Bag’ri to’la gul bahor!
— Nurulloh Oston


TONGDA

Hatto ko’zga tashlanmas

Oy yuzida chandig’i.

Ufqlarda ochildi

Tongning oltin sandig’i.

Sandig’idan nurli tong

Tillolarni ulashdi,

Kun nurida bolalar

Tongni qutlab quvnashdi.
— Nurulloh Oston


SHAFTOLI

Shaftolimiz pushti gul,

Duv guvlashib uchdi gul.

Keling laylak uchganda,

Shaftolimiz pishganda!

— Nurulloh OSTON


QUYOSH TAFTI

Sokin sahar pallada,
Tong uyg’onar dalada.
Ufq yuzi ollanar,
Tong chehrasi sollanar.
Quyosh ochib kaftini, Bizga sochar taftini.
— Nurulloh Oston


Oftob va odob

Oftob yaxshimi?
Odob yaxshimi?
Oftob berar nur,
Odob-chi huzur.

Lolalar uchun
Oftob yaxshidir.
Bolalar uchun
Odob yaxshidir.

Oftob bo‘lmasa,
Qorong’u tushar.
Odob bo‘lmasa,
G‘am-qayg‘u tushar.

Oftob ko‘rinar
Tog‘-tepalikda.
Odob ko‘rinar
Salom-alikda.

— Po‘lat Mo‘min (1922-2004)


OY CHO’MILAR CHAYLADA

Oydin kecha pallada,

Oy cho’milar chaylada.

O’tar sirli sharpalar,

Tortiladi ko’rpalar.

Mo’ralaymiz unsiz, jim,

Shitir-shitir, kelar kim?

Bu qanday mehmon ekan,

Boqsak, Kirpijon ekan.
— Nurulloh Oston


Oy allasi

Oy ona emish,
Bolasi — yulduz.
Alla aytarmish:
-Oppog‘im qunduz
Ko‘zim nurini
Senga tutdim-o,
Otangday bo‘l, deb,
Yo‘ling kutdim-o.
Otam qayda, deb
So‘rama, bolam,
Otang — Quyoshdan
Bahramand olam
— Odil Abdurahmon


YOZ

Oydin tunlar pallasi,

Baqalarning yallasi.

Handalakning bo’ylari,

Dehqonbuva to’lari,

Yozdan darak bermoqda,

Qarang, laylak kelmoqda!
— Nurulloh Oston


YOZ KELDI

Yoz keldi-yu, yoz keldi,

Doyra bilan soz keldi.

Uchib ketgan laylaklar

Qanoti qog’oz, keldi.

Tunni qilib tongotar,

Sho’x bolalar dong qotar.

Bir tutam yoz tunida,

Dehqon tongni uyg’otar.
— Nurulloh Oston


TONG SATRI

Tong havosi tozadir,

Ko’ngillarni yozadir.

Qizg’aldoqlar raqsida,

Chuchmomalar bahsida

Sochib bahor atrini

Tong yozadi satrini!
— Nurulloh Oston


TONG YULDUZI

Charaqlagan yulduzman,

Ko’k yuzida yolg’izman.

Shuning uchun yonaman,

Ekaman osmona man!
— Nurulloh Oston


KECH KUZ

Tilla bandli yaproqlar

Dov-daraxt-la xushlashar.

Bargixazon fasl bu-

Kuz qish bilan duchlashar.

Yuklaridan bo’shanib,

Yastangandir dalalar.

Quchog’ida yayraydi

Qirmiz yuzli bolalar.
— Nurulloh Oston


KUZBOBO

Shamol uvla, bo’ronnig,

Guvlasin gulduragi.

Yomg’irni boshlab kelsin

Osmonnig g’ildiragi.

Yelayotir Kuzbobo

Otlarini qamchilab.

Men kaftimni ochaman,

Yomg’ir kelar tomchilab.
— Nurulloh Oston


QISH

Dala-dashtda tindi ish,
Mehmon bolib keldi qish.
Qish emas, qor bobo,
Sovgalari bor bobo.
Uyda bezoglik archa,
Tepasida oyparcha.
Xuddi yozday, bahorday,
Iliq kuzgi nahorday.
Qor yogar kecha-kunduz,
Suv sovqotib kiygan muz.
Dala-dasht oppoq gilam,
Qoqib bolmas sira ham.
Orom berar qor yerga,
Dam-badam tushib terga.
Kela qolsa gul bahor,
Erib ketar yerdan qor.


QOR HAVOSI

Qor havosi ufurar,

Shamollar yer supurar.

O’tib ketmish mezonlar,

Uchar so’nggi xazonlar.

Tussiz bog’-u biyobon,

Bo’m-bo’sh ko’cha, xiyobon.

Osmon xira va rangsiz,

Bosib kelar qish jangsiz.
— Nurulloh Oston


YANGI YILDA

Bolakaylar mo’ltirar,

Qorbobo ne keltirar?

Qopida sovg’a-salom,

Tilida shirin kalom.

Bezab ulkan archani,

Xushnud qildi barchani.

Ulashdi koptok, kaptar,

Menga qalam va daftar.

Boshlayman endi ishni-

O’rganaman yozishni!
— Nurulloh Oston


Yangi yil archasi

Buncha ham chiroylisan,
Yam-yashilsan har qachon!
Yangi yilning ko‘rkisan,
Sevimlisan, archajon.

Qish boboning uyida
Aziz mehmon — ko‘klamsan.
Bugun uning to‘yida
Ayniqsa soz — ko‘rkamsan.

Ko‘ylagingga juda ko‘p
Zar tugmalar taqilgan.
Shoxlaringda qizil, ko‘k…
Lampochkalar yoqilgan.

Bo‘yim yetmas shoxingga,
Lekin, ey archajonim!
Tabelimda bor senga
Atab tizgan marjonim!

Senga deb tizgan marjon
A’lo baholarimdir.
Kel, taqib qo‘yay, archam,
Shoxlaringni egib tur.
— Erkin Vohidov


Qorbobo

Keldim ko’p yurtlar kezib,
Bog’-u tog’lardan oshdim.
O’rmon oralab yurdim,
Archani xo’p tanladim.

Eng chiroyli, eng ko’rkam,
Qarang,ulkandir biram.
Uni sizga yo’lladim,
Behad u xo’p chiroyli,

O’yinchoqlar marjonli,
Quvondi ko’rib ko’zim,
Ofarin o’g’il-qizim!