96 ta maqollar ilm, bilim, aql zakovat haqida

Ushbu sahifada ilm, bilim, aql, zehn va o'qish so'zlari ishtirok etgan o'zbekcha maqollar va hikmatli so'zlar to’plami yozilgan. Foydalanilgan manba: «O’ZBEK XALQ MAQOLLARI, 2005, SHARQ» kitobi.

  1. Ilm baxt keltirar,
    Bilim taxt keltirar.
  2. Ilm — aql bulog'i,
    Aql — yashash chirog'i.
  3. Ilm ko'p, umr oz,
    Keragini o'qi.
  4. Ilmni mehnatsiz egallab bo'lmas.
  5. Ilmli uy — charog'on,
    Ilmsiz uy — zimiston.
  6. Katta daryo hayqirmas,
    Aqlli kishi baqirmas.
  7. Ilm olish — nina bilan quduq qazish.
  8. Ilm — tubsiz quduq.
  9. Baxt belgisi — bilim.
  10. Yuziga qarama, bilimiga qara.
  11. Husnni ko'z bilar,
    Aqlni — ko'ngil.
  12. Donoga ilm — ilm,
    Nodonga essiz ilm.
  13. Bilimsiz kishiga ish yo'q,
    Ilmsiz kishiga osh yo'q.
  14. Go'zallik — ilm-u ma'rifatda.
  15. Didli yigit — ilmli yigit.
  16. Zehn qo'ysang bilimga,
    Ilm tomar dilingga.
  17. Ilm izlagan yetar,
    Izlamagan — yitar.
  18. Ilm istasang, takror qil.
  19. Ilm olishning erta-kechi yo'q.
  20. Ilm o'lchovi — aql,
    Zehn o'lchovi — naql.
  21. Ilm qog'oz qatida emas, miya qatida.
  22. Ilmi borni yosh dema,
    Ilmi yo'qni bosh dema.
  23. Ilmi yo'qning ko'zi yumuq.
  24. Ilmli olar, ilmsiz oldirar.
  25. Ilmsiz bir yashar,
    Ilmli ming yashar.
  26. Ilmsizga ishonch yo'q,
    Hunarsizga quvonch yo'q.
  27. Ilm-u hikmat suvni yondirar.
  28. Qadam qo'y asta-asta,
    Qadam yetguncha ilm ista.
  29. Hunar — oqar buloq,
    Ilm — yonar chiroq.
  30. Ustoz bilimli — shogird ilmli.
  31. Bilagi zo'r birni yiqar,
    Bilimi zo'r — mingni.
  32. Bilgan o'zar,
    Bilmagan to'zar.
  33. Bilim — aql chirog'i.
  34. Bilim baxt keltirar.
  35. Bilim — davlatdan qimmat.
  36. Bilmagan ayb emas,
    Bilishga tirishmagan ayb.
  37. Bilmaganni so'rab o'rgangan olim,
    Orlanib so'ramagan o'ziga zolim.
  38. Bilmasang, bilgandan so'ra.
  39. Davlat tugar, bilim tugamas.
  40. Oltin olma, bilim ol,
    Bilim olsang, bilib ol.
  41. Yaxshi bilsang ishingni,
    Yaxshilar silar boshingni.
  42. Oltin yerda qolsa ham,
    Bilimli yo'lda qolmas.
  43. Til — aql o'lchovi.
  44. Aql aqldan quvvat olar.
  45. Aql bozorda sotilmas.
  46. Aql boshlaydi,
    Oyoq tashlaydi.
  47. Aql boshlovchi,
    Tana ishlovchi.
  48. Aql bo'yda emas, o'yda.
  49. Aql o'lchovi — so'z,
    So'z o'lchovi — naql.
  50. Aqldan ortiq boylik yo'q.
  51. Aqli kalta pand yeydi,
    Aqli teran — qand.
  52. Aqli kirmagan qaridan,
    Ziyrak tug'ilgan bola yaxshi.
  53. Aqlli baxt topar,
    Baxt bilan taxt topar.
  54. Aqlli boshda soch turmas.
  55. Aqlli do'st — rohat,
    Aqlsiz do'st — ofat.
  56. Aqlsiz dushmandan bir saqlan,
    Aqlsiz do'stdan ming saqlan.
  57. Aqlli ish sevar,
    Aqlsiz — so'z.
  58. Aqlli ishiga ishonar,
    Aqlsiz — tushiga.
  59. Aqlli pakana ahmoq darozdan yaxshi.
  60. Chinordek bo'ying bo'lguncha,
    Tumordek aqling bo'lsin.
  61. Terakday bo'y berguncha,
    Ninaday aql bersin.
  62. Aqlli uzoqni ko'zlar,
    Ahmoq — yaqinni.
  63. Aqlli o'zini ayblar,
    Aqlsiz — do'stini.
  64. Aqlli o'ylanguncha, tentak suvdan o'tar.
  65. Aqlli qariya — oqib turgan daryo.
  66. Aqlli qizni yig'latish ham qiyin,
    Kuldirish ham.
  67. Aqlli xotin — uy ko'rki,
    Chiroyli xotin — ko'cha ko'rki.
  68. Aqlsiz xotin husnini ko'z-ko'z qilar,
    Aqlli xotin — aqlini.
  69. Ayolning husni pardozda emas, aqlida.
  70. Aqlliga aytsang, biladi,
    Aqlsizga aytsang, kuladi.
  71. Aqllining oti ham horimas,
    To'ni ham to'zimas.
  72. Aqllining qadri ahmoqning oldida bilinar.
  73. Aqlsizga og'a bo'lgandan,
    Aqllining olovini yoqqan afzal.
  74. Ahmoq aql o'rgatar.
  75. Ahmoq so'zlar, aqlli tinglar.
  76. Boshda aql bo'lmasa, oyoqda tinim yo'q.
  77. Bo'ying tengi bilan yurma,
    Aqling tengi bilan yur.
  78. Inson aqli — olmos.
  79. Ish aqllini topar,
    Aqlli — ishni.
  80. Kishi baxti taxtida emas, aqlida.
  81. Kuchiga ishongan — yiqilar,
    Aqliga ishongan — yiqitar.
  82. Naql — tagi aql.
  83. Aql ko'pga yetkazar,
    Hunar — ko'kka.
  84. Kitob — aql qayrog'i.
  85. Sovg'a aqlni ko'r qilar.
  86. Yolg'iz aql o'zi yaxshi,
    Ikki bo'lsa, yana yaxshi.
  87. Pul topguncha, aql top.
  88. Achchiq kelsa, aql ketar,
    Aql kelsa — achchiq.
  89. Ko'ngling bilan eshit, quloq aldaydi,
    Aqling bilan ko'r, ko'z aldaydi.
  90. Sog' tanda — sog'lom aql.
  91. Yigitning zehnli bo'lgani —
    Adashmay yo'lidan yurgani.
  92. Mehnat va o'qish — og'a-ini.
  93. Uchishga qanot kerak,
    O'qishga — toqat.
  94. O'qish boshqa, uqish boshqa.
  95. O'qish yaxshi,
    Uqish undan ham yaxshi.
  96. O'quvi bor ulg'ayar,
    Uquvi yo'q sarg'ayar.

→ Boshqa mavzular bo’yicha o’zbekcha maqollar