24 ta maqollar rostgo'ylik, to'g'rilik va halollik haqida

Ushbu sahifada rostgo'ylik, to'g'ri so'zlik va halollik haqida o'zbekcha maqollar va hikmatli so'zlar to’plami yozilgan. Foydalanilgan manba: «O’ZBEK XALQ MAQOLLARI, 2005, SHARQ» kitobi.

  1. Rost so'zni ayt,
    Yolg'on so'zdan qayt.
  2. Yolg'on gapirib yashagandan
    Rost gapirib o'lgan yaxshi.
  3. Rostgo'ylik — baxt,
    Yolg'onchi — badbaxt.
  4. Rostlik — muhabbat elchisi.
  5. Rostga zavol yo'q.
  6. Yolg'on rostdan yengilar,
    To'g'ri elda tanilar.
  7. Rost aytdim — dars aytdim.
  8. Rost gap aytgan yengilmas.
  9. Rost gapirgan to'g'ri,
    Yolg'onchi — o'g'ri.
  10. Rost so'z haqqa qaror topar.
  11. Chin so'z — mo'tabar,
    Yaxshi so'z — muxtasar.
  12. Yolg'onchiga qo'shilma,
    To'g'ri so'zing yashirma
  13. Rostini aytsang, urarlar,
    Xushomadni suyarlar.
  14. To'g'ri gap eshon-u qoziga yoqmas.
  15. Rost aytib zarar ko'rsang,
    Oxiri foyda toparsan.
  16. Halol ish — lazzatli yemish.
  17. Halol mehnat — mo'l daromad.
  18. Og'zingni ko'kka ochma,
    Halol mehnatdan qochma.
  19. Ko'ngil tortgan osh — halol.
  20. Halol ishla, halol tishla.
  21. Halol mehnat yerda qolmas.
  22. Halol molning qulfi o'zida bo'lar.
  23. Halol pishib chiqar,
    Harom teshib chiqar.
  24. Mehnatingni halol qilsang,
    Huzurini ko'rasan.

→ Boshqa mavzular bo’yicha o’zbekcha maqollar