70 ta maqollar hayvonlar, jonivorlar haqida

Ushbu sahifada hayvonlar nomlari ishtirok etgan o'zbekcha maqollar va hikmatli so'zlar to’plami yozilgan. Foydalanilgan manba: «O’ZBEK XALQ MAQOLLARI, 2005, SHARQ» kitobi.

  1. Ishsiz hayvon ham zerikar.
  2. Odam so'zlashib tanishar,
    Hayvon — hidlashib.
  3. Odam so'zlashar,
    Hayvon yalashar.
  4. Mushukning o'limi — sichqonga to'y.
  5. Itdan qolganini mushuk yemas.
  6. Tekinga mushuk ham oftobga chiqmas.
  7. Sichqon nazarida mushukdan zo'r maxluq yo'q.
  8. Arslon qarisa, quyrug'ini o'ynar.
  9. Tog' bo'risiz bo'lmas,
    To'qay arslonsiz bo'lmas.
  10. Arslon bolasi arslon bo'lur,
    Sichqon bolasi — sichqon.
  11. Bo'ri bo'ronda quturar.
  12. Itdan suyak ortmas,
    Mushukdan — bez.
  13. Ot olsang, ho'kiz qorindan ol,
    Ho'kiz olsang, ot qorindan ol.
  14. Toy otga ergashar,
    Qo'y — serkaga.
  15. Toyni toy deb xo'rlama,
    Erta-indin ot bo'lar.
  16. Tuya to'pig'i ham to'piq,
    Qo'y to'pig'i ham to'piq.
  17. To'ng'izni botqoqda bos.
  18. Cho'pon bo'lsang, qo'yni boq,
    Moyi toshsin choradan.
  19. Echki bo'lsa, qo'yga yo'l ochilar.
  20. Echki qo'y bo'lmas,
    Eshak — toy.
  21. Eshak urgan bilan ot bo'lmas.
  22. Yuvosh it hurmay tishlar.
  23. Yuvosh otning tepkisi qattiq.
  24. Yaxshi ot jonga sherik,
    Yomon ot — molga.
  25. Qalmoqi ot qoqilmas,
    Qoqilsa ham, yiqilmas.
  26. Qarg'a keldi — qish keldi.
  27. Hiyla bilan arslon tutilar,
    Kuch bilan sichqon tutilmas.
  28. Quyon qopqoni bilan arslonni ovlab bo'lmas.
  29. Quyon o'z ko'lankasidan ham qo'rqar.
  30. Qochgan quyon yotgan quyonni ola qochar.
  31. Taka bo'lsin, suti bo'lsin,
    Quyon bo'lsin, eti bo'lsin.
  32. Ilon har yerda buralib yursa ham,
    O'z iniga borganda to'g'rilanar.
  33. Bir ilon bir uy odamni tinchitmas.
  34. Yomon ilon tegirmon boshida aylanar.
  35. Ilon ilonning quyrug'ini bosmas.
  36. Ilon po'stini tashlagani bilan qilig'ini tashlamas.
  37. Ayiqni yo'qlasang, tayoq ol.
  38. Ovchi ovchilikni qancha bilsa,
    Ayiq ham qochishni shuncha bilar.
  39. Bir tulkining hiylasi
    Necha yerda pand berar.
  40. Tulki tulkilik qilar,
    Bo'ri bo'rilik qilar.
  41. Tulki tulkiligini qilguncha,
    Terisi qo'ldan qo'lga o'tar.
  42. Bir tulki yetti bo'rini yetaklar.
  43. Tulkining ming bir hunari bor,
    Hammasidan oxirgisi ulug'vor.
  44. Tulkining hiylasi ko'p,
    Yaxshisi — qochmoq.
  45. Tulkining o'zi emas, terisi pul.
  46. Tulkining tushiga tovuq kirar,
    Tovuqning tushiga tariq kirar.
  47. Tuyaning dumi kalta bo'lsa ham, tulkidan dum so'ramas.
  48. Tirikchilik sherni ham tulki qilar.
  49. Tovuqning uchgani tomgacha.
  50. Jo'jali tovuqdan don ortmas.
  51. Tovuqni yesang, bir yeysan,
    Tuxumini yesang, ming yeysan.
  52. Och tovuq omborga yugurar.
  53. Bir tovuqqa ham don kerak, ham suv.
  54. To'g'ri so'zga fil cho'kar.
  55. Vaqti kelsa, fil sichqondan qo'rqar.
  56. Dard filni pashshadek qilar.
  57. Sigir o'zining buzoq bo'lganini bilmas.
  58. Baqiroq sigir sutsiz bo'lar.
  59. Sutsiz sigir ko'p ma'rar.
  60. Sigir suv ichganda,
    Buzoq muz yalar.
  61. Qora sigir tushida kunjara ko'ribdi.
  62. Siylaganni sigir bilmas,
    «Ho'k» deganni — ho'kiz
  63. Sigir yo'g'ida echki ham sigir.
  64. Bozor ko'rgan echkidan qo'rq.
  65. Echki yugurib kiyik bo'lmas.
  66. Bo'ri bo'lsin, to'q bo'lsin.
  67. Bo'ri qarisa, itga kulgu bo'lar.
  68. Bo'rining topgani bo'riga.
  69. Qo'y bilan bo'ri bir og'ilda yashamas.
  70. Nasiyaga maymun o'ynamas.

→ Boshqa mavzular bo’yicha o’zbekcha maqollar