48 ta maqollar tabiat va ekologiya haqida

Ushbu sahifada tabiat va ekologiyaga aloqador so'zlar ishtirok etgan o'zbekcha maqollar va hikmatli so'zlar to’plami yozilgan. Masalan: havo, suv, quyosh, daraxt, gul va boshqalar. Foydalanilgan manba: «O’ZBEK XALQ MAQOLLARI, 2005, SHARQ» kitobi.

  1. Har shaharning havosi boshqa.
  2. Toza havo — dardga davo.
  3. Tozalik — sog'lik garovi.
  4. Tog' havosi — dard davosi.
  5. Quyosh, havo — tanga davo.
  6. Yetmish yulduz yarim oyga tatimas.
  7. Oyni etak bilan yopib bo'lmas.
  8. Oy suluvi — nur, Soy suluvi — suv.
  9. Oy yorug'i — olamcha,
    Sham yorug'i — ayvoncha.
  10. O'tgan bulutdan yomg'ir kutma.
  11. Qora bulutdan tiniq suv tomar.
  12. Tinchlik bilan el ko'karar,
    Yomg'ir bilan — yer.
  13. Ne eksang, shu ko'karar.
  14. Tomchi suvda tol ko'karar.
  15. Ko'chatni o'tqazmasang — ko'karmas,
    Maqsadni istamasang — topilmas.
  16. Suvni bog'laguncha, ariq och.
  17. Suv ichadigan qudug'ingga tupurma.
  18. Suvsiz yer — mozor,
    Suvli yer — gulzor.
  19. Bir kishi ariq qazar,
    Ming kishi suv ichar.
  20. Suv ichganda, ariq qaziganni unutma.
  21. Suv keltirar mard kishi,
    Ekin ekar har kishi.
  22. Suv keltirgan mard,
    Suv bermagan nomard.
  23. Suv boshidan yaxshi,
    Hosil — tagidan.
  24. Suvni ich, chashmani bulg'ama.
  25. Suv oqqan soyga yana suv oqar.
    Suvga yaqin — rizqqa yaqin.
  26. Serdaraxt qishloqni sel olmas.
  27. Rejasiz daraxtzor — changalzor.
  28. Katta daraxtning soyasi ham katta.
  29. Qush qo'nmaydigan daraxt bo'lmas.
  30. Tomiri ochiq daraxtga hamma shamol xavfli.
  31. Payti kelsa, daraxt gullar.
  32. Yolg'iz daraxt o'rmon bo'lmas.
  33. Daraxtdan meva olaman desang,
    Niholligidan parvarish qil.
  34. Daraxtning husni — bargi bilan mevasi.
  35. Daraxt bir joyda ko'karar.
  36. Daraxt o'sib qush qo'nar.
  37. Bog' chiroyi gul bilan.
  38. Gulning to'ni — qirq yamoq, ammo xushbo'y.
  39. Kapalak gulni deydi,
    Bulbul — kuyini.
  40. Gulchi bir gulni o'stirguncha,
    Yuz tikan zahrini tortadi.
  41. Sabr bilan xor guliston bo'lar,
    Sho'r zamin bog' bilan bo'ston bo'lar.
  42. Gul qadrini bulbul bilar.
  43. Zimiston ko'rmagan bulbul
    Guliston qadrini bilmas.
  44. Somon-u xashakning bozori bor,
    Lola-yu gulning xaridori bor.
  45. Birov gul deydi,
    Birov — pul.
  46. Birov suv topolmaydi ichgani,
    Birov suv topolmaydi kechgani.
  47. Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q.
  48. Mevasini desang, gulini asra.

→ Boshqa mavzular bo’yicha o’zbekcha maqollar

5