10 узбекских народных сказок для детей

На этой странице собраны интересные узбекские народные сказки для детей. Для вашего удобства, названия сказок написаны на узбекском и на русском языках. Приятного просмотра!
Чтобы посмотреть русский перевод, можно воспользоваться следующими сервисами: Yandex Translate | Google Translate
Содержание:
1. Boylik topgan bola (Мальчик нашедший богатство)
2. ZUMRAD VA QIMMAT (Зумрад и Киммат)
3. NIMA EKSANG, SHUNI O’RASAN (ЧТО ПОСЕЕШЬ ТО И ПОЖНЕШЬ)
4. SABR TAGI — SARIQ OLTIN (На дне терпения оседает золото)
5. Xo‘roz bilan bo‘ri (Петух и волк)
6. Bahodir tabib (Доктор Баходир)
7. Dehqon va Jin (Дехканин и джинн)
8. Uch o‘g‘il (Три сына)
9. Mag‘rur oqqush (Гордый лебедь)
10. HUNARNING XOSIYATI (Польза навыков/профессии)
Узбекская сказка 1: Boylik topgan bola (Мальчик нашедший богатство)
Bor ekan-u, yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda bir cholning ikki o‘g‘li bo‘lib, ulardan biri sabrli va mehnatkash, ikkinchisi esa yalqov va ishyoqmas ekan. Katta o‘g‘il tinmay mehnat qilgani uchun ham sog‘lom va baquvvat bo‘lsa, dangasa o‘g‘il xo‘ppa semiz va dardmand ekan.
Kunlardan bir kuni qarib qolgan ota merosni taqsimlashga kelganda o‘zi qurgan imoratni qaysi o‘g‘liga qoldirishni bilmay, boshi qotibdi. Shunda ularni sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘libdi.
– Shartim shunday, kimda-kim o‘ziga bo‘lib berilgan yerdan mo‘l hosil olsa, hovli-joy o‘shanga qoladi, debdi. Va o‘z-o‘zicha chamalab, baribir katta o‘g‘il g‘olib bo‘lsa kerak, chunki uning suyagi mehnatda qotgan, deya o‘ylabdi. Ammo, kichik o‘g‘il bo‘sh kelmabdi. O‘ziga ajratilgan yerdan mo‘l hosil yig‘ish uchun ishchilar yollabdi. Yig‘im-terim paytida bir necha kishining uygan xirmoni balandroq kelibdi. Katta o‘g‘il bundan xafa bo‘lmabdi. Chunki u xuddi otasi qurgan imoratdek uy sola olishiga ko‘zi yetarkan-da. Ammo, natija hammani hayron qoldiribdi.
Kichik o‘g‘il mehnat qilmay rohat ko‘rish mumkin emasligini tushunib yetibdi. Chunki u kamharakatlikdan tobora semirib, xuddi koptokday bo‘lib qolibdi.
Bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib, otasiga ekin-tikin ishlarida, novvos boqishda, o‘tin terishda yaqindan ko‘maklashibdi. Mehnat uning yuzlariga nur, taniga tetiklik bag‘ishlabdi. Shunda kichik o‘g‘il haqiqiy boylik bu – salomatlik ekanini anglab, sog‘lig‘ini va baxtini mehnatdan topibdi.
Узбекская сказка 2: ZUMRAD VA QIMMAT (Зумрад и Киммат)
Bir zamonda katta bir soy bo‘yida kichkina bir uy bo‘lar ekan. Bu uyda chol, uning Zumrad degan qizi, o‘gay ona va uning Qimmat degan arzanda qizi turar ekanlar. Kampirning Zumradni ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q ekan. U hadeb qizni urib, qarg‘ab, ertadan kechgacha ishlatarkan, bechoraga birpas ham tinchlik bermas ekan.
Zumrad chiroyli, odobli, muloyim, aqlli qiz ekan. Uni bir ko‘rgan kishi yana ko‘rsam deb orzu qilar ekan. Xullas, u juda ajoyib qiz ekan. Qimmat esa ishyoqmas, injiq va dimog‘dor ekan. Uning butun kuni urish-janjal va to‘polon bilan o‘tar ekan.
Zumrad erta bilan barvaqt ko‘zasini ko‘tarib, soy yoqalab buloq boshiga borarkan, yo‘lda uchragan lola gullar boshlarini egib, unga salom berarkanlar. Zumrad maysalar ustida o‘tirib dam olganida gullar uni olqishlar, bulbullar quvonib unga hikoyalar aytib berarkanlar.
Ammo xuddi shu gullar kampirning arzandasini sevmas, uni erkalamas ekanlar, chunki bu qiz ularni yulib tashlar, xushbo‘y gullarni hidsiz deb tepkilar ekan. Shuning uchun ham ular Qimmat kelar bo‘lsa, qovoqlarini solib, yumilib qolarkanlar.
Bularning hammasi yovuz kampirning g‘azabini keltirar ekan. Kampir esa, buni Zumraddan ko‘rarkan.
Bir kun kampir Zumradni yomonlab, cholga do‘q uribdi:
— Qizing beodob, ishyoqmas, uni haydab yubor! Bo‘lmasa sen bilan bir nafas ham birga turmayman!
Chol nima qilarini bilmay qolibdi. Axiri kampir:
— Qizingni o‘rmonga oborib adashtirib kel! U bilan birga turmayman! — debdi.
Chol qizini adashtirib kelish uchun tog‘-toshlarni kezib, bir o‘rmonga boribdi. Ota-bola o‘rmon ichida uzoq yurishibdi. Axiri quyuq soyali bir joyga borib to‘xtashibdi. Keyin chol o‘tin kesgani ketibdi. Zumrad yolg‘iz qolibdi.
Shu paytda birdan shamol turibdi. Chol esa o‘rmondagi bir katta daraxtga boltasini osibdi-da, unga og‘irroq tosh bog‘lab, qattiq itarib yuboribdi. Bolta u yoqdan bu yoqqa urilib to‘qillayveribdi.
Shamol juda kuchayibdi. Bolta shamol kuchi bilan uzoq vaqt daraxtga urilib “to‘q-to‘q” qilib tovush chiqaribdi.
Zumrad “Otam o‘tin kesayotibdi”, deb o‘ylab, otasini anchagacha kutibdi. Kech bo‘libdi, otasidan darak bo‘lmabdi. Shamol to‘xtabdi. Qiz o‘rmondagi chuchmomalarni terib yurib, bexosdan bolta osilgan daraxt tagiga borib qolibdi. Qarasa, otasi yo‘q emish.
— Voy sho‘rim qursin! Voy, otajon?! — deb uvvos solib yig‘lab, to‘rt tomonga yuguribdi. Hech kimdan darak bo‘lmabdi, qiz adashib qolibdi. O‘rmon unga yana ham vahimali bo‘lib ko‘rinibdi. Qiz qayoqqa borishini bilmay, axiri kichik bir so‘qmoqdan chopib ketaveribdi.
Zumrad uzoq yo‘l bosibdi. Qorong‘ida gullar uning yo‘lini yoritibdi. Ketaturib bir vaqt qarasa, uzoqda miltillagan chiroq ko‘rinibdi, itning hurigani eshitilibdi. Qiz o‘sha tomonga qarab yuraveribdi. Тezda kichik bir uyga yetibdi. Uyning derazasidan qarasa, bir kampir o‘tirgan emish. Qiz sevinib, kampir oldiga kiribdi, boshidan kechirgan voqealarni kampirga birma-bir aytib beribdi.
Uyga shunday chiroyli qizchaning kelganini ko‘rgan kampir juda quvonibdi. Bu kampir o‘rmonda yashaydigan sehrgar kampir ekan. Kampir qizning yig‘laganini ko‘rib:
— Ko‘p xafa bo‘lma, qizim, senga yordam beraman, — deb qizni ovutibdi. Qiz ham unga:
— Rahmat! Men sizni onamdek ko‘raman. Buyurgan ishingizni jonim bilan qilaman, — deb javob beribdi.
Shu choq kampirning uyi tepasiga juda ko‘p qushlar yig‘ilibdi, ular qizchani maqtab, sayrashibdi. Qushlar tilini bilgan sehrgar kampir yana ham quvonibdi. Xosiyatli qizga dunyoda topilmaydigan rasmli kitob va qo‘g‘irchoqlar berib:
— Oppoq qizim, shirin qizim! Do‘mbog‘im, munchog‘im! — deb qizning boshini silab erkalabdi.
Ular uzoq vaqt birga turishibdi. Kampir qizchani yaxshilab parvarish qilibdi. Zumrad ozoda qiz bo‘lgani uchun uyni supurib-sidirib, oynalarni artib-surtib, hamma yoqni chinniday qilib qo‘yar ekan. Buni ko‘rib kampir yana ham quvonar ekan.
Bir kun kampir qizga osh qilib bermoqchi bo‘lib:
— Тomdan o‘tin olib tush, qizim, — debdi. Qiz dik etib o‘rnidan turib:
— Xo‘p bo‘ladi, onajon, — deb darrov tomga chiqibdi.
Тom baland ekan, undan hamma yoq ko‘rinar ekan. Qiz atrofga qarab turib, birdan o‘z uyining tomini ko‘rib qolibdi. Yuragi orziqib yig‘lab yuboribdi. Buni eshitgan kampir:
— Nega yig‘laysan, jon qizim? — deb so‘ragan ekan. Qiz:
— Ko‘zimga uyimiz ko‘rindi, otamni sog‘indim, — debdi.
Kampir uni aldab-suldab yupatibdi, ikkovlari ovqat pishirib yeyishibdi.
Erta bilan kampir qizga:
— Narsalaringni yig‘ishtir, qizim! — debdi.
Qiz qo‘g‘irchoqlarini yig‘ishtiribdi. Kampir qizga:
— Тomda qizil va oq sandiq bor, oq sandiqni qoldirib, qizil sandiqni olib tush! — debdi-yu o‘rmonga kirib ketibdi. Bir vaqtdan keyin o‘rmondan saman ot qo‘shilgan bir arava yetaklab chiqib, qizni aravaga o‘tqazibdi.
— Qizil sandiqni uyga borgandan keyin och! — deb kampir qizga bir kalit beribdi.
Qiz kampir bilan qayta-qayta xayrlashib yo‘lga chiqibdi. Bir zumda arava qizning uyi oldida hozir bo‘libdi. Shu paytda uy eshigi oldida chol o‘z qizini sog‘inib, uning dardida yig‘lab o‘tirgan ekan. Qiz mehribon otasini ko‘rishi bilan:
— Salom, otajon! — deb otasining bag‘riga tashlanibdi.
Chol benihoyat xursand bo‘lganidan anchagacha ko‘z yoshlarini to‘xtatolmabdi. Axiri yig‘idan to‘xtab, qiziga:
— Oppog‘im, meni kechir, — debdi.
Ular uyga kirishibdi. Qizning kelgani hammaga ma’lum bo‘libdi. Qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilishibdi. Qiz qizil sandiqni ochishi bilan hamma hayron qolibdi: qizil sandiq asl mollar bilan liq to‘la ekan. Mol shuncha ko‘p, shu qadar ajoyib emishki, Zumradning butun umriga yetib ortar emish.
Bu narsa o‘gay onani og‘ir tashvishga solibdi.
U cholga qizi Qimmatni ham tezda o‘rmonga olib borib adashtirib kelishni buyuribdi. Chol “Xo‘p” deb, Qimmatni darrov o‘rmonga adashtirib kelibdi.
Kech kirganda Qimmat, xuddi Zumradga o‘xshab, bolta osilgan daraxt tagiga borib qolibdi. Adashganini sezibdi. Ho‘ng-ho‘ng yig‘lasa ham, lekin uni ovutadigan odam topilmabdi. Faqat uning ro‘parasida boyqushlar o‘tirib olib, qorong‘i, vahimali o‘rmonlar haqida sayrarmish. Bu kuylar Qimmatni vahimaga solibdi. U qo‘rqib o‘rmondan qocha boshlabdi. Qorong‘i tushgan paytda sehrgar kampirning uyiga kirib boribdi. Kampir uni yaxshi kutib olibdi, ovutibdi, mehmon qilibdi. So‘ngra qizga qarab:
— Xafa bo‘lma, qizim, o‘zim yordam beraman, — debdi.
Ammo Qimmat kampirga yaxshi so‘zlar topib aytolmabdi, chunki onasi unga yaxshi so‘zlar o‘rgatmagan ekan. Kampir uni sevmabdi, yaxshi ertaklar ham aytib bermabdi, dunyoda topilmaydigan suratli kitoblar va qo‘g‘irchoqlar ham bermabdi.
Qimmat ertadan qora kechgacha yalqovlanib o‘tiraverar ekan. Uyni yig‘ishtirib, supurmas ekan.
Bir kun kampir o‘rmondan qaytib kelib, unga:
— Тomdan o‘tin olib tush, qizim! — degan ekan, qiz:
— O‘zingiz olib tushing, malayingiz yo‘q! — debdi.
Kampir judayam xafa bo‘libdi, shunga qaramay qizni aldab-suldab tomga chiqaribdi. Lekin qiz o‘tin olib tushish o‘rniga tom boshida chinqirib yig‘layveribdi. Kampir buni eshitib:
— Nega yig‘laysan, qizim? —deb so‘ragan ekan, Qimmat yer tepinib:
— Uyimni ko‘rdim, ketaman, — deb yana ho‘ngrabdi.
Sehrgar kampir qizga:
— Juda yaxshi, tomdagi sandiqni olib tush, — debdi.
Qimmat sandiqni olib tushibdi. Keyin kampir qizga bir kalit uzata turib:
— Mana kalit, sandiqni uyingga borganingda ochasan, — debdi.
Qiz o‘sha onda yig‘isini ham unutib, oq sandiqni orqalab jo‘nabdi. Sehrgar kampir unga arava ham bermabdi, qiz og‘ir sandiqni ko‘targanicha uyiga piyoda kelibdi.
Qizning kelishini dastavval olapar it sezibdi. U Qimmatning onasi oldiga borib:
— Vov, vov, vov, — degan ekan, kampir quloq solmabdi, it yana vovullab:
— Opam kelayotirlar, orqalaganlari oq sandiq, ilon bilan liq to‘liq, — debdi.
Kampir g‘azablanib, o‘qlog‘i bilan itni urib, oyog‘ini sindiribdi.
— Mening aqlli qizim qimmatli mollar keltiradi, — debdi u.
Qizining kelganini ko‘rib kampir o‘zida yo‘q sevinibdi. Qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilibdi, sandiqni ochmoqchi bo‘lishibdi.
Shunda kampir bilan qizi ikkisi: “Yo‘q, ochmanglar!” deb o‘zlarini sandiq ustiga tashlabdilar. Keyin ikki qulog‘idan ko‘tarib uyga olib kiribdilar.
Yarim kecha payti ekan, kampir bilan qiz eshik-elikni yopib, sandiqni ochishibdi-yu birdaniga “Voydod, qutqaringlar!”, “Ajdar!”, “Voydod!” deb baqirishibdi…
Sandiqda kattakon ikkita ajdar yotgan ekan. Qoqvosh kampir bilan uning urishqoq qizi dodlashib, uyni gir-gir aylanishibdi, qo‘rqqanlaridan qulflangan eshikni ochisholmabdi.
Ikki ajdar kampir bilan qizni yutib, darchadan chiqib ketibdi.
“Dod, voy!” degan ovozni eshitgan qo‘ni-qo‘shnilar eshikni buzib ichkari kiribdilar. Qarasalar, hech kim yo‘q emish. Uyda yovuz kampirni ham, uning urishqoq qizini ham topolmabdilar.
Shundan so‘ng oq ko‘ngil Zumrad bilan ota ikkisi tinchgina yashab, murod-maqsadlariga yetibdilar.
Узбекская сказка 3: NIMA EKSANG, SHUNI O’RASAN (ЧТО ПОСЕЕШЬ ТО И ПОЖНЕШЬ)
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir chol yashagan ekan. Uning xotini vafot qilgan, chol balog‘atga yetgan o‘g‘li bilan bir o‘zi qolgan ekan.
Otasi o‘g‘lini ikki yildan keyin uylantiribdi. Kelini ishyoqmas, qo‘pol ekan. U har kuni arzimagan narsalardan janjal ko‘tarar, cholning ahvolidan xabar olmas ekan.
— Nima, meni otangizga cho‘rilikka olganmidingiz? Kiyimlarini yuvsam, hali u qilsam, hali bu qilsam… Mening jonim o‘nta emas-ku, axir? — derkan har kuni ming‘illab.
Chol bechora shol bo‘lib qolgan, erta-yu kech bir joyda qimirlamasdan yotar ekan. O‘g‘li oxiri toqati-toq bo‘lib, xotiniga:
— Xo‘sh, maqsading nima, nima qilishim kerak? — debdi.
— Otangizni bu yerdan yo‘qoting. Iloji bo‘lsa, gadoy topmas biror joyga tashlab keling! — debdi xotini.
O‘g‘il «shunday qilsam, bu la’natining javrashidan qutulaman shekiyali», deb o‘ylab, otasini opichlab jo‘nabdi. Otasi ham, o‘g‘li ham bir-biri bilan urishganday jim ketayotganmish. Tevarak-atrof jimjit, faqat chigirtkalarning chirillashi-yu, oyoq tagidagi xaslarning shitirlab sinishidan boshqa tovush eshitilmas emish.
O‘g‘il yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi, oxiri tog‘ cho‘qqisiga yetib boribdi. Tog‘ning bir tomoni jarlik ekan. U o‘zicha, «Agar shu jarlikka tashlab yuborsam, bu noinsoflik bo‘ladi. Yaxshisi, ana u ko‘rinib turgan toshning ustiga o‘tqazib qo‘yay-da, o‘zim ketib qolay. Keyin nima bo‘lsa bo‘lar, peshonasida borini ko‘rar», deb o‘ylabdi.
— Otajon, — debdi cholni tosh ustiga o‘tqazar ekan, — siz shu yerda birpas o‘tirib dam olib turing, men hozir kelaman.
Chol kulib qo‘yibdi. Bundan ajablangan o‘g‘li to‘xtab:
— Otajon, nimaga kulyapsiz? — deb so‘rabdi.
— Yo‘q, o‘zim shunday, ketaver, yo‘lingdan qolma, — deb javob beribdi otasi va yana kulib qo‘yibdi.
O‘g‘li, «yo‘q, aytasiz» deb, oyog‘ini tirab turib olgandan keyin, otasi aytishga majbur bo‘libdi:
— Meni bu yerga olib kelishingdan maqsad — tashlab ketish. Buni bilib turibman. Xotining shunga seni majbur qilganini ham bilaman. Lekin men xafa emasman. Chunki buni men ham o‘z boshimdan kechirganman. Men ham otamni oyingning gapiga kirib, xuddi shu xarsang tosh ustiga tashlab ketgan edim. Qaytar dunyo ekan. Xo‘p endi, o‘g‘lim, xayr, baxtli bo‘l, — deb so‘zini tugatibdi chol.
O‘g‘li otasidan bu gapni eshitib: «Nima eksang, shuni o’rasan», degan naqlni eslabdi. U nogiron otasini xo‘rlaganiga o‘kinib, cholni opichlab uyiga qaytarib olib ketibdi va o‘zi parvarishlay boshlabdi.
Узбекская сказка 4: SABR TAGI — SARIQ OLTIN (На дне терпения оседает золото)
O‘tgan zamonlarda Boqijon nomli bir yigit yashagan ekan. Uning ota-onasi o‘lib, ulardan bir tanobcha yer qolgan ekan. Boqijon shu yerda kecha-kunduz ishlab, olgan hosili bilan o‘z ro‘zg‘orini tebratar ekan. Uning ekinlari ayni pishar chog‘ida boylar, sudxo‘rlar suvni o‘z yerlariga burib olib qo‘yishar, ekinlari suvsizlikdan qovjirab qolar ekan. Kambag‘al yigit borib mirob, oqsoqollardan suv talab qilsa, ular qo‘liga qamchi olib, do‘q qilib haydab yuborar ekan. Shunday azob-uqubatda qorni oshga, usti kiyimga yolchimay zo‘rg‘a hayot kechirar ekan. Biroq Boqijon katta yigitcha bo‘lib qolgan, u endi uylanishni, oila qurishni orzu qilib yashar ekan. Boqijon yashagan qishloqda bir kambag‘al dehqonning Guloyim nomli qizi bor ekan. Guloyimning qaddi-qomati kelishgan, qosh-ko‘zi qora, oy desa og‘zi bor, kun desa ko‘zi bor, uning oyday husn-jamoli o‘ziga munosib bir qiz ekan. Boqijon Guloyimni suvga chiqqanida ko‘rib, sevib qolgan ekan. Guloyim ham ro‘molchasini boshiga yelvagay tashlab, Boqijonga bir qiyo boqib, miyig‘ida kulib qo‘ygan ekan. Boqijon Guloyimga bo‘lgan muhabbatini kimga aytishini bilmay, ko‘p tashvish tortib yurar ekan. Boqijon ahyon-ahyonda suvga chiqqanida qizni ko‘rib, salomlashib, hol-ahvol so‘rashib turar ekan.
Bir kuni Boqijon xolasini o‘z uyiga chaqiribdi. Unga o‘z istagini aytibdi. Xolasi Guloyimning uyiga sovchilikka borishga rozi bo‘libdi.
Bir kuni Boqijonning xolasi Guloyimlarnikiga sovchi bo‘lib boribdi. Guloyimning onasi qizining yurish-turishidan xabardor ekan. Hatto guloyim
Boqijonni yoqtirib qolganini onasiga aytgan ekan. Biroq Guloyimning otasi bu ishga qarshilik ko‘rsatibdi. Otasi Guloyimga kelgan sovchilarning birini o‘poq, birini so‘poq deb, rozi bo‘lmay qaytarib yuboribdi. Lekin Boqijonning xolasi sovchilikka boraveribdi, boraveribdi. Nihoyat, Guloyimning ota-onasi rozi bo‘lishibdi. Qishloqda o‘ziga yarasha kichkinagina to‘y qilishibdi va Boqijon bilan Guloyim birga hayot kechira boshlashibdi.
Oradan bir necha yillar o‘tibdi. Boqijon bilan Guloyim mehnat qilib, o‘z bog‘-rog‘larida ishlab, olgan hosillari bilan o‘z ro‘zg‘orlarini tebratishar ekan.
Bir kuni Boqijon qattiq qasal bo‘lib, yotib qolibdi. Butun uy-ro‘zg‘or, yer ishlari — dehqonchilik faqat birgina Guloyim boshiga tushibdi. Bechora Guloyim erta tong-saharda turib to xuftongacha tinmay mehnat qilar ekan. U Boqijonni yaxshilab davolash, ro‘zg‘orga qarash, ekinlarni sug‘orish, kir yuvish, hamma yoqni supurish-sidirish kabi ishlarni ham bajarar, hech tinmas ekan. Boqijonning kasaliga hech qanday tabibning dorisi kor qilmabdi. Uning yarasi zo‘rayib, o‘zi cho‘pday ozib, hech qimirlamay qolibdi. Guloyim ham bu dard-u g‘am, tashvishdan oriqlab, nima qilishini bilmay, kimdan yordam so‘rashga hayron bo‘lib yuraveribdi. Guloyimning ota-onasi nihoyat kambag‘al bo‘lgani uchun bularga hech qanday yordam ko‘rsata olishmas ekan. Guloyim Boqijonning kasalini tuzatishga ko‘p urinibdi, natija chiqmabdi. U boylarning uyiga borib, ularning kirini yuvib, xizmatlarini bajarib, topgan non va oziq-ovqatlari bilan Boqijonni boqib yuraveribdi. Endi qishloqda duv-duv gap tarqalibdi. Boqijonga yomon yara chiqqanmish, odamlarga yuqarmish. Uni bu qishloqdan boshqa joyga, chetga chiqarib yuborish zarur emish. Bu gapni qishloq oqsoqoli, boylar va ellikboshilar tarqatishibdi. Bu gaplar Guloyimning qulog‘iga ham yetibdi. U Boqijonga bildirmay rosa yig‘labdi.
Kunlardan bir kuni eshikni birov qattiq taqillatibdi. Guloyim chiqib:
— Kimsiz, nima uchun keldingiz? — deb so‘rabdi, Ular esa qishloq oqsoqoli, bir ikkita og‘zi katta korchalonlar ekan. Ular Guloyimga:
— Senlar shu kundan boshlab qishloqni tashlab chiqib ketishlaring shart. Chunki ering yuqumli kasal bilan og‘rigan, bir necha yildan beri yotibdi. Bizlarga ham yuqadi. Shuning uchun shu bugundan qolmay qishloqni tashlab ketinglar, boshqa gap yo‘q! Agarda ketmasalaring, o‘zimiz ot-arava olib kelib sizlarni dala-dashtga chiqarib tashlaymiz, — deb do‘q urishibdi. Bechora Guloyim: «Endi bizlarga bu azob ham bormidi», — deb ho‘ngrab yig‘lab, Boqijonning yoniga borib nima deyishini bilmay:
— Bugun biz o‘z qishlog‘imizdan, uyimizdan boshqa joyga ketishimiz kerak ekan. Qishloq kattalari kelib tayinlab ketishdi, —debdi. Boqijon yotgan joyida yig‘lab, ne qilarini bilmay, hech qanday iloj topolmay:
— Xo‘sh, bu yerdan qaerga boramiz va qanday yashaymiz? — deb Guloyimdan so‘rabdi. Guloyim:
— Bir ilojini toparmiz, peshonamizga nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘raveramiz-da, — debdi. O‘sha kuni tunda Guloyim Boqijonni yuvintiribdi, so‘ngra uni opichlab qishloqdan chiqib ketibdi. U Boqijonni ko‘tara-ko‘tara oxiri bir dasht-biyobonga kelib, bir daraxt tagida dam olishga o‘tiribdi. U nihoyatda charchagan ekan, uxlab qolibdi. Ertalab turib yuz-qo‘lini yuvib, Boqijonni ham yuvintirib, bitta non bilan nonushta qilishibdi. Ular mana shu daraxt tagini makon etib, chodir tikib olishibdi. Boqijon chodir ichida yotar, Guloyim esa shaharga, atrof-qishloqlarga ish axtarib ketar ekan. Har kimning ishini bajarib, topgan-tutganini Boqijonga keltirar ekan.
Bir kuni Guloyim ish topolmay, yeyarga non-ovqati bo‘lmay, nima qilishini bilmay, hayron bo‘lib qaytar ekan, yo‘lda unga bir savdogar uchrabdi. U savdogar ayol Guloyimga:
— Sochingizni menga sotmaysizmi? — debdi. Guloyimning sochi yigirma besh jamalak bo‘lib, orqa trvoniga tushar ekan. U noiloj besh jamalagini sotishga rozi bo‘libdi. Guloyim uyga pulga non va boshqa oziq-ovqatlar olib, Boqijonning yoniga kelibdi. Boqijon bu voqeadan bexabar qolibdi. Guloyim ham bu sirni yashiribdi.
Bir kuni Boqijon qarasa, Guloyimning sochi bir oz kamayganga o‘xshabdi. Shunda Guloyimdan so‘rabdi. Guloyim esa:
— O‘zi to‘kilib ketyapti, — debdi. Shunda Boqijon:
— Siz meni deb aziz joningizni qiynab, shu ahvolga keldingiz. Endi men bir tuzalmas baloga yo‘liqdim. Siz yosh umringizni xazon qilmang, ota-onangiz qoshiga boring, men umrim tugaguncha shu joyda yashab, tuzalsam bir kunimni ko‘rarman, — desa, Guloyim yig‘lab:
— Siz meni kim deb o‘ylaysiz? Men sizni shu ahvolda tashlab ketganimdan ko‘ra, o‘lganim ming marta yaxshiroq emasmi? Men sizni tuzatmay, hayotimizni tiklamay bu yerdan, qoshingizdan jilmayman, siz bilan umrimning oxirigacha birgaman. Unday gaplarni aytib, o‘zingizni va meni qiynamang. Tanimda jonim bor ekan, sizning xizmatingizga doimo tayyorman, — debdi.
Oradan bir necha oylar o‘tgach, Guloyim ish axtarib ketganida, Boqijon qoshiga bir mo‘ysafid kelibdi. Boqijon cholga o‘z boshidan kechgan kunlarni so‘zlab beribdi. Nihoyat, mana shu dardga mubtalo bo‘lganini, tuzala olmay yotganini, shu kasal tufayli o‘z vatanidan judo bo‘lganlarini aytib beribdi. Boqijonning so‘zlariga quloq solgan chol unga shunday debdi:
— O‘g‘lim ko‘p qayg‘urma, mana shu yo‘l bilan borganingda, taxminan bundan uch to‘rt tosh uzoqlikda, bir tog‘ bag‘rida katta chinor bor. Chinor tagidan bir chashma suvi qaynab chiqib turibdi. Suvi issiq. Agarda borishga ilojing bo‘lsa, tunda borib, o‘sha buloqqa tushib cho‘milib ko‘r-chi, zora shifo topsang.
Guloyim kelib qarasa, erining chehrasi ochiq.
— Ha, o‘zi nima gap, bugun xursand ko‘rinasiz? — deb so‘rabdi Guloyim. Shunda Boqijon mo‘ysafid bilan bo‘lgan suhbatini aytibdi. Guloyim Boqijonni ko‘tarib chashma tomon yo‘l olibdi. Qidira-qidira chashmani topishibdi. Boqijonni chashma suviga cho‘miltiribdi. Ular o‘sha chashmaga yaqinroq joyni makon qilishibdi. Oradan bir-ikki oy o‘tgach, haligi chashma suvidan Boqijon shifo topa boshlabdi, tuzala beribdi. Nihoyat, Boqijon, oyoqqa turadigan, keyin yuradigan, nihoyat, mehnatga yaroqli holga kelibdi. Guloyim ikkisi o‘sha joydan quruq yer tanlab olib, ikkisi mehnat qilib, suv chiqarib uy-joy qurishibdi. Hovlining atrofini bog‘-rog‘ qilishibdi. U joyda bir qo‘rg‘on paydo bo‘libdi. Hovli, bog‘lariga turli mevalar ekib, gullar o‘tqazishibdi. Boshqa odamlar ham u yerga ko‘chib kelib, uy-joy qurib yashay boshlashibdi. U yerning xalqi yig‘ilib, bu qo‘rg‘onga «Gulobod» deb nom qo‘yibdi. Boqijon Guloyimning ota-onasini chaqirtiribdi. Ular Boqijon bilan Guloyimning hayotini ko‘rib nihoyatda sevinishibdi. Ular bola-chaqali, uvali-juvali bo‘lib, oshlarini oshab, yoshlarini yashab, murod-maqsadlariga yetishibdi.
Узбекская сказка 5: Xo‘roz bilan bo‘ri (Петух и волк)
Bir bo‘ri daraxt ustida o‘tirgan Xo‘rozni ko‘ribdi va uni tutib yemoqchi bo‘lib, daraxt ostiga keldi. Hiyla bilan bechora Xo‘rozni daraxtdan tushirmoqchi bo‘libdi: «Ey, Xo‘roz o‘rtoq! Men senga bir yaxshi xabar keltirdim. Hayvonlar bilan qushlar o‘rtasida sulh bo‘ldi. Bir-biriga zulm qilmaslikka, biri ikkinchisini tutib yemaslikka qaror qilindi. Kel, birodar, pastga tush! Bir-birimizga do‘st bo‘lib, birga o‘ynaylik», — dedi. Xo‘roz Bo‘rining so‘ziga aldanadigan darajada nodon va ahmoq bo‘lmaganidan Bo‘riga qarab shunday dedi:
— Do‘stim, so‘zing rost. Lekin biroz sabr qil. Sendan boshqa ikki it ham sulh xabarni eshitib, bu yerga kelishmoqda. Hammamiz birga o‘ynaymiz.
Bo‘ri Xo‘rozdan bu so‘zni eshitgan zamon dumini orqasiga qo‘yib, qocha boshladi.
Xo‘roz: «Hoy, birodar, nima uchun qochayapsan, o‘rtamizda sulh bor-ku?» — desa. Bo‘ri:
— Oh, do‘stim! Bu zolim itlar sulhni buzganga o‘xshaydi, — deb qochib ketibdi. Xo‘roz orqasindan: «quq- qa…ru…qu-u…», — deb qichqirib qolibdi.
Узбекская сказка 6: Bahodir tabib (Доктор Баходир)
Bor ekan-u, yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda, juda olis tomonda, baland tog‘lar etagidagi kichkina bir kulbada Bahodir ismli bola bobosi va buvisi bilan yashar ekan. Bahodir yashaydigan shaharda vabo kasali keng tarqalgan bo‘lib, otasi va onasi shu kasalga chalinib vafot etgan ekan. Buvasi uni erkalab, Bahodirtoy, deb chaqirarkan. Ammo bu baxtli kunlar ham uzoq davom etmabdi. Avvaliga buvisi, keyin buvasi qazo qilibdi. Bahodir bir o‘zi qolibdi.
Kunlarning birida ko‘chada bir qariya bilan uchrashib qolibdi. Qariyaning qo‘lida tor ko‘rib, uni uyiga mehmonga taklif qilibdi. Uy deyarli bo‘sh bo‘lib, katta sholchaning ustida ikkita ko‘rpa va ikkita yostiq bor ekan. Tokchada eskirgan idish-tovoqlar, devorda dutor osig‘liq turganmish. Dutor buvasiniki ekan. Demak, bola musiqani sevadi, o‘ylabdi mehmon va unga kuy chalib beribdi. Bola kuyni diqqat bilan tinglabdi. Keyin o‘zi shu kuyni dutorda ijro etibdi. Unga dutor chalishni buvasi o‘rgatgan ekan. Mehmon bilan bola suhbatlashib, kuy chalib, tunni bedor o‘tkazishibdi.
Qariya suhbat orasida o‘zini, tabib Muhammadaliman, deb tanishtiribdi.
– Qishlog‘ingga bir tabib kerak ekan. Kasallar ko‘payib ketibdi. Agar rozi bo‘lsang, senga davo sirlarini o‘rgataman, qishloqdagi kasallarni davolaysan, – debdi, nonushtada.
– Roziman, – javob beribdi, bola xursand bo‘lib. – Qishlog‘imizda tabib bo‘lmagani uchun ko‘p odam dardiga davo topolmay dunyodan o‘tib ketgan ekan. Otam meni katta bo‘lganimda shifokor bo‘lishimni vasiyat qilgan ekan. Buvam aytib bergandilar.
– Unda eshit: sening yoningga shifo uchun kelgan odamlarni ajratmaysan, hech narsa ta’ma qilmaysan. Uyingning eshigini hech qachon tambalamaysan.
Tabib unga olti oy tibbiyotdan saboq beribdi. Bahodirtoy tabiblikni ancha o‘zlashtirib olibdi. Katta tabib kichik tabibga tez-tez kelib xabar olib turishga va’da berib ortiga qaytibdi.
Bola shu kundan boshlab tabiblikka kirishibdi. Tog‘ yonbag‘rida va hatto tog‘ tepasida o‘sadigan giyohlarni yig‘ibdi. Daraxtlarning mevasi-yu, bargi, o‘t-o‘lanlar, ularning ildizlarigacha kavlab, shifobaxsh dori, malhamlar tayyorlabdi. Bir kuni qo‘shnisi kirib tez-tez isitmasi chiqayotganidan shikoyat qilibdi. Bola uning qo‘liga malham tutqazarkan, “buni tanangizga surtasiz, yana har kuni uch mahal ikkitadan olma yeysiz,” – deb tayinlabdi. Ikki-uch kun o‘tib qo‘shnisi sog‘ayibdi. Buni eshitgan boshqa bemor qo‘shnilar ham uning yoniga dardlariga davo istab kela boshlabdi. Qarabsizki, yosh tabibning ishi kundan-kunga ko‘payibdi. U har tong ustozi o‘gitiga amal qilib toqqa chiqib ketar, o‘simlik va giyohlar, daraxtlar mevasi, bargi va ba’zilarining ildizini kavlab olib kelib, ulardan shifobaxsh dorilar tayyorlarkan. Tushdan keyin esa kasallarni qabul qiladigan bo‘libdi.
Shu qishloq oqsoqoli qizining yuziga dog‘ tushib, tabiblar uni davolay olmayotgan ekan.
– Sening jigaring og‘ribdi. Uni davolash uchun anjirning xomidan har kuni to‘yguningcha yeysan va men uning bargidan tayyorlab beradigan malhamni har kech yotishdan avval yuzingga surtasan, – debdi Bahodir, uni ko‘zdan kechirgach.
– Pishganini yemayman-ku, xomini qanday yeyman, – debdi qiz chiroyli jilmayib.
– Taning sog‘, yuzing chiroyli bo‘lishini istasang, aytganlarimni bajarasan, – debdi yosh tabib qat’iy.
Bir oy deganda qizning yuzidagi dog‘dan nom-nishon qolmabdi.
Yosh tabibga ixlosi oshgan qizning dadasi o‘g‘li haqida ham gap ochibdi. U tog‘dan yiqilgach, oyog‘i ishlamay, yotib qolgan ekan.
Bola musiqaning ham kishilar salomatligiga yaxshi ta’sir qilishini bilgani uchun va’da qilgan kuni qo‘lida dutor ko‘tarib kelibdi. Qizga sho‘x-sho‘x kuylar chalib beribdi. Shu vaqt sirli voqea sodir bo‘libdi. Ichkarida yotgan qizning akasi ular oldiga o‘z oyog‘i bilan yurib kelibdi va yosh tabibdan kuyni yana bir marta chalib berishini so‘rabdi. Eshitib bo‘lgach, yig‘lab takror-takror chaldiribdi. Shunda yosh tabib yigitdan musiqaga bunchalik mehr qo‘yganligi sababini so‘rabdi.
– Men tez-tez tog‘ cho‘qqisiga chiqib turardim. Kunlarning birida cho‘qqida burgut hujum qilib qoldi. Men o‘zimni arang chetga oldim. Qush uchib ketdi. Shu payt bir kuy yangradi, qarasam ro‘paramda 12 yoshlardagi bir qiz dutor chalib turibdi. Qiz kuyni chalib tugatishi bilan boyagi burgut yana paydo bo‘ldi. Men undan qochaman, deb pastga dumalab ketdim. Qo‘l-oyoqlarim sindi. Keyin bilsam, qiz burgutning tutquni ekan. Maqsadim, o‘sha qizni qutqarish, ammo oyoqlarim pand berdi, – debdi u xo‘rsinib.
Yosh tabib yigitni davolashga kirishibdi. Ular aka-ukadek inoq bo‘lib ketishibdi. Kun ketini kunlar quvlab, oradan oylar o‘tibdi.
Bir kuni Bahodir dori-darmon tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan mevalar, o‘t-o‘lanlar yig‘ish niyatida tog‘ cho‘qqisiga ko‘tarilayotganda, yigit tepasida ulkan burgut aylana boshlabdi. Qo‘rqib ketgan tabib yonginasidagi g‘orga yashirinibdi. Qaysi ko‘z bilan ko‘rsinki, g‘orda do‘sti hikoya qilgan qiz o‘tirganmish. Salom-alikdan so‘ng bilsa, qiz burgut ta’qibidan qochib, shu g‘orga yashirinib olgan ekan.
Burgut ko‘zdan yo‘qolgach, yosh tabib qizni pastga – tog‘ yonbag‘riga olib tushib, do‘stiga topshiribdi. Oqsoqolning o‘g‘li qizni ota-onasi huzuriga qaytaribdi.
Shunday kunlarning birida katta tabib qishloqqa tashrif buyuribdi. Ustoz va shogird uzoq suhbat qurishibdi. Ustoz chakmonini yechib, shogirdiga, endi sen chinakam tabib bo‘lding, deb oq fotiha beribdi.
Bahodir tabib qishloq oqsoqoli qiziga uylanibdi. Qishloqda kattagina shifoxona quribdi. Buni qarangki, shifoxonada yotishga bemor topilmay qolibdi.
Chunki yosh tabib hamqishloqlarini dorivor giyohlar bilan oshno qilib qo‘ygan ekan-da.
Узбекская сказка 7: Dehqon va Jin (Дехканин и джинн)
Qadim zamonlarda Baliqko‘l tomonlarda bir Jin bo‘lgan ekan. Kunlarning birida uning xojasi olamdan o‘tib, Jin ozodlikka chiqibdi. U hech qachon mustaqil, ozod yashab ko‘rmagan ekan. Endi nima qilsam ekan, yo o‘zimga boshqa xo‘jayin topsammikan, deb ketayotib dalada mehnat qilayotgan dehqonga duch kelibdi. U terlab-pishib yer chopayotgan ekan. Jinning dehqonga rahmi kelib:
– Odamlarga qiyin ekan-a, dehqon bobo. Bir parcha non topib, qornini to‘ydirish uchun ertani erta, kechani kecha demay ter to‘kishadi, – debdi.
– Mehnat sen o‘ylaganingday mashaqqat emas. Sen ham mehnat qilib non yeganingda uning qanday shirin bo‘lishini bilarding. Mehnatning tagi rohat, deydilar. Ishonmasang, buni o‘zing sinab ko‘rishing mumkin, – debdi dehqon.
Jin qiziqib qolibdi. Dehqon meni laqillatayotgan bo‘lmasin tag‘in, deb sinab ko‘rish uchun baliq ovlamoqchi bo‘libdi. Bir aylanib odam qiyofasiga kiribdi-da, bozordan to‘r sotib olib, daryoga boribdi. Umrida baliq ovlab ko‘rmagan Jin mashaqqat bilan to‘rtta zog‘ora baliqqa ega bo‘libdi. Biroq u tutgan balig‘ini pishirishni bilmabdi. Yana dehqonning oldiga boribdi. Ular ikkovlashib o‘tin terib, baliqni olovga tutib pishiribdi. So‘ng uni o‘rtaga qo‘yib, birga ovqatlanishibdi.
– Oh, bunchalar shirin yemak bo‘lmasa. Avval sira bunday mazali baliq yemagan edim. Chindan ham, mehnat qilib topilgan narsa totli bo‘larkan. Sen meni aldamabsan. Endi doim nonimni mehnat qilib topaman, – debdi dehqondan minnatdor bo‘lib Jin.
– Chunki mehnat qilganingda harakatda bo‘lasan, qoning yurishadi. Harakat qilgan odamning tani ham sog‘ bo‘ladi, – debdi dehqon.
Oradan oylar o‘tibdi. Jin dehqon o‘rgatganidek o‘z mehnati orqasidan non va halovat topib mamnun yashay boshlabdi. Baliqchilar orasidan o‘ziga do‘stlar orttiribdi. Kun sayin hayot unga maroqli va mazmunli tuyulibdi. Odamlarga qul bo‘lib, ularning bema’ni istaklarini ro‘yobga chiqarishdan, mehnat qilib, hayot kechirish yaxshiroq ekanini anglabdi. Ishlab ter to‘kish, so‘ng hordiq chiqarish ham unga yoqib qolibdi. Endi hech qachon qayta Jinga aylanmaslikka qaror qilibdi.
Kunlarning birida yana baliq oviga chiqibdi. Suvga to‘r tashlashi bilan unga oltin baliq ilinibdi.
– Ey, odam, jonimga rahm qil. Tila tilagingni, ortig‘i bilan ado qilay, – deb turganmish oltin baliq ta’zim bajo qilganicha.
– Joning o‘zingga siylov. Menga sendan hech narsa kerakmas. Moviy to‘lqinlar ichra o‘ynoqlab suzaver, – debdi Jin oltin baliqni hayratga solib. U hali biror odam zotidan bunday gap eshitmagan ekan.
– Nahotki, biror tilaging yo‘q? O‘zing bo‘lmasa bola-chaqang uchun so‘ra, keyin pushaymon bo‘lma, – debdi oltin baliq uning gaplari qanchalik to‘g‘riligini bilish uchun.
– Ey, oltin baliq, menda bola-chaqa yo‘q. Bo‘lganida ham ularni mehnatga o‘rgatardim. Sen mening g‘amimni yema. Mehnat qilib, non topib yeyish qanchalar rohat ekanini bilganingda edi, bu rohatni hech narsaga almashtirmagan bo‘larding, – debdi Jin.
Qissadan hissa: mehnatga mehr qo‘ygan odam g‘oyibdan keladigan boylikka ko‘z tikmas ekan.
Узбекская сказка 8: Uch o‘g‘il (Три сына)
Bor ekan, yo‘q ekan, qadim zamonda bir dehqon bo‘lgan ekan. Uning uch o‘g‘li bo‘lib, tirikchiligi o‘rtamiyona ekan. Bir kuni dehqon uzoq safarga chiqmoqchi bo‘libdi. Yo‘lga chiqish oldidan o‘g‘illarini yoniga chaqirib shunday debdi:
-Men uzoq yurtlarga ketyapman. Har biringizga bir juft tovuq, o‘rdak va g‘oz berib ketaman. Men kelgunimcha ularning tuxumini sotinglar, lekin pulini sarflamay, yig‘ib qo‘yinglar. Keyin o‘zlaringga kerak bo‘ladi.
Dehqon to‘ng‘ich o‘g‘liga bir juft tovuq, o‘rtanchasiga bir juft o‘rdak, kenjasiga esa bir juft g‘oz beribdi-da, jo‘nab ketibdi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, parrandalar tuxum qo‘ya boshlabdi. Uch o‘g‘il tuxumlarni sota boshlashibdi. Qo‘liga pul tushgan katta o‘g‘ilning fikri buzilibdi. “Tuxumning pulini yig‘ib nima qildim. Dadam kelgunicha yaxshilab o‘ynab olay. Dadam kelib tuxumning pulini so‘rasa, tovig‘ingiz tug‘mas ekan, deyman”, degan xayolga boribdi. O‘rtancha o‘g‘il oldin o‘rdakning tuxumlarini, keyin o‘rdaklarini ham sotibdi. Ikki aka-uka do‘ppisini yarimta qilib yuraverishibdi. Kenja o‘g‘il esa g‘ozning tuxumlarini yig‘ib, bostiribdi. G‘ozlarni ko‘paytirib, ularning tuxumini sotibdi. Otasi kelgunicha anchagina pul yig‘ibdi. Otasi safardan qaytgach, to‘ng‘ich o‘g‘lini huzuriga chaqiribdi. U oldindan tayyorlab qo‘ygan javobini aytibdi. “Sen yaxshi odam bo‘lmas ekansan. Qariganimda kunimga asqotmas ekansan”, -deya ko‘nglidan o‘tkazibdi ota. O‘rtancha o‘g‘lini chaqirgan ekan, u ham yolg‘on gapiribdi. “Sen qariganimda menga qarash tugul o‘zingni ham eplolmas ekansan”, deya ko‘nglidan o‘tkazibdi ota. Kenja o‘g‘il otasi gap so‘rashini kutib turmasdanoq tuxum sotib, yiqqan pullarini beribdi. “Sen mehnatkash, yaxshi odam bo‘lar ekansan”.
Oradan yillar o‘tibdi. O‘g‘illar er yetibdi. Ota avval ikki katta o‘g‘lini, keyin kenjasini uylantirib qo‘yibdi. Ammo ikki katta o‘g‘lining turmushi birinchi kundanoq o‘xshamabdi. Ular tez orada uyidagi bor bisotini sotib, yeb-ichib tugatishibdi-da, yana otasining qo‘liga qaram bo‘lib o‘tiraverishibdi. Kenja o‘g‘il esa tadbirkorlik bilan ish tutib, kundan-kunga yaxshi yashay boshlabdi. Otasining hurmatini joyiga qo‘yib, izzat-ikrom ko‘rsatibdi. Dehqon kenja o‘g‘lidan rosa xursand bo‘libdi.
Узбекская сказка 9: Mag‘rur oqqush (Гордый лебедь)
Bir kuni o‘rmondagi ko‘lga chiroyli oppoq qush uchib keldi. Uning qanotlari qordek oq bo‘lib, bo‘yni uzun edi. U qanotlarini yozganda atrofga suvning mayda zarrachalari sochilar va xuddi ertaklardagidek manzara paydo bo‘lar edi.
Qushni birinchi bo‘lib quyoncha ko‘rdi. Uning go‘zalligidan lol qolib anchagacha yoniga kela olmay uzoqdan tomosha qildi. Nihoyat yurak yutib ko‘l yoniga keldi va qushga dedi:
— Salom, mening ismim Quyonvoy, sen kimsan?
Qush unga bir nazar soldiyu, indamay sohildan uzoqroqqa suzdi.
— Men senga yomonlik qilmayman, — dedi quyoncha. Lekin qush unga qaramadi ham.
Quyoncha qushning bunday harakatidan xafa bo‘ldi va sekingina: «Chiroyli bo‘lganing bilan tarbiyasiz ekansan», dedi.
Shu payt shoxdan-shoxga sakrab olmaxon keldi. U ham ko‘ldagi oqqushning chiroyiga mahliyo bo‘ldi.
— Salom, go‘zal qush, o‘rmonimizga xush kelibsan, — dedi.
Qush esa indamay suvda suzar, u go‘yo olmaxon bilan quyonchani ko‘rmas edi.
— Men sen bilan do‘stlashmoqchiman, kel tanishamiz, — dedi unga yaqinroq borib olmaxon. Oqqush esa orqasini o‘girib nariga suzib ketdi. Buni ko‘rib olmaxon yelkasini qisdi.
Ignalariga qo‘ziqorin va qurigan mevalarni sanchib olgan tipratikan ularning yonidan o‘tib ketayotgan edi. Olmaxon va quyonchani ko‘rib, ularni mevalari bilan mehmon qildi. Ko‘lda suzib yurgan oqqushga havas bilan tikildi.
— Bunday chiroyli qushning do‘stlari ham ko‘p bo‘lsa kerak. Men unga hatto gapirishga uyalaman, chunki ko‘rimsizgina hayvonman, — dedi.
Bilasanmi, kirpivoy, sening tashqi ko‘rinishing xunuk bo‘lgani bilan, qalbing chiroyli, shuning uchun do‘stlaring ham ko‘p. Bu qushning esa chiroyini tomosha qilib to‘ydik, chunki unda hyech qanday iliqlik yo‘q ekan, afsus, — dedi olmaxon.
— Yuringlar, ketdik, — dedi quyoncha va hammalari mag‘rur qushni yolg‘iz qoldirib o‘rmonga kirib ketishdi.
Узбекская сказка 10: HUNARNING XOSIYATI (Польза профессии/навыков)
Kunlardan bir kuni bir kambag‘al dehqon qarigan chog‘ida o‘g‘li Rafiqni hunar o‘rgatish uchun duradgorga shogird qilib berib, odat bo‘yicha: “Eti sizga, suyagi bizga, shu bolani sizga topshirdim”, debdi. Duradgor bolani olib qolib, ishni qunt bilan o‘rganish va qiyinchiliklarni yengish kerakligini unga aytibdi. Rafiq biroz oq-qorani tanigan ekan, bir necha yil duradgorga yordamchi bo‘lib ishlab, uning hunarini puxta o‘rganibdi.
Kunlardan bir kuni Rafiq uxlab qolibdi. Тush ko‘ribdi. Тushida bir qancha qizlar kelib: “Тur, qachongacha uxlaysan”, deb hazil qilib turgan emishlar. Shu qizlardan biri juda go‘zal ekan. U qizni boshqa qizlar o‘rab olib, Rafiqqa ko‘rsatmas emish. Rafiq bir iloj qilib ko‘ribdi. Joyidan tursa, hech kim yo‘q, yolg‘iz o‘zi o‘tirgan emish. Shu kundan boshlab Rafiq qizni o‘ylab, borgan sari ozib keta beribdi. Duradgor usta ham, otasi ham hayron bo‘lishibdi. Dori-darmon qilishibdi, tuzalmabdi. Duradgor bilan bolaning otasi buning sababini bilmoqchi bo‘lishibdi. Otasi qo‘ymagandan keyin bola tushida ko‘rgan voqeani aytibdi. Shu qizni sevib qolganini bildiribdi. Otasi bilan duradgor bu bolani sayohatga yuborish maqsadida bir yog‘och ot qilib berishibdi. Bir necha kunlik oziq-ovqat tayyorlab, shu yog‘och otga mindirib jo‘natmoqchi bo‘lishibdi. Duradgor “O‘ng qulog‘ini burasang tepaga chiqadi, chap qulog‘ini burasang pastga tushadi”, deb o‘rgatibdi. Bola safarga jo‘nabdi. Bir necha kun yo‘l yurib, cho‘l-u sahrolardan oshib, bir kichkina qishloqqa yetib boribdi. Otining chap qulog‘ini burab yerga tushib, qishloqqa kiribdi.
Bu qishloqning chekkasida bir kampir yashar ekan. U shu qishloqdagi bir katta hovuzga qorovul ekan. Rafiq kampir oldiga borib salom beribdi. Kampir bolaning salomiga alik olib: “Ey, bolam, bu joylarda qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadi. Sen nima qilib yuribsan?” debdi. Rafiq dadillik bilan kelishining sababini kampirga gapirib beribdi. Kampir voqeani bilgandan keyin Rafiqqa yordam qilmoqchi bo‘lib, maslahat beribdi:
— O‘g‘lim, bugun mana bu hovuzga bir qancha qizlar kelib cho‘milishadi. Sening sevganing shu qizlar orasida bo‘lsa kerak. Sen yaxshilab qara, agar o‘sha qiz bo‘lsa, ular suvdan chiqquncha sekin bildirmay ko‘ylagini olib ket. Qiz suvdan chiqqandan keyin ko‘ylagini topa olmay shu hovuz yonida qolishga majbur bo‘ladi, — debdi. Rafiq hovuz yonidagi bir daraxt tagida poylab o‘tiribdi. Azon vaqtida bir qancha kaptarlar uchib kelib, bir dumalab qizga aylanibdi-da, suvga tushib cho‘mila boshlashibdi. Rafiq qarasa, o‘sha tushida ko‘rgan qizlar emish. Qizlar orasida sevgan qizi ham bor. Sekin borib qizning ko‘ylagini olmoqchi bo‘lib turganda, qiz sezib qolib, suvdan yugurib chiqibdi-da, yigitni bir shapaloq urib, kaptar bo‘lib uchib ketibdi. Uning orqasidan qolgan qizlar ham bir yumalab kaptar bo‘lib uchib ketibdi. Rafiq kampir oldiga kelib voqeani aytib, kampirdan ularning yashaydigan makonlarini so‘rabdi.
Kampir: “Ularning makoni tog‘ning kun chiqish tomonida”, debdi. Rafiq yana yog‘och otiga minib safarga jo‘nabdi. Bir necha kun yo‘l yurib, kampir aytgan tog‘ga yetib boribdi. Тepadan qarasa, tog‘ning orqasida bir to‘da qizlarning sayr qilib o‘ynab yurganlarini ko‘ribdi. Qizlarning har qaysisi yulduz kabi porlab turgandek ko‘rinibdi. Rafiq otining chap qulog‘ini burab pastga tushibdi. Qizlar ichida o‘z sevganini ko‘rib, otini bir yerga yashirib qo‘yibdi-da, bir chekkaga borib poylab o‘tiribdi. Birozdan keyin qizlar o‘ynab yurib charchab, hammasi bir maysa joyda yotib uxlab qolishibdi. Rafiq sekin borib qizning qo‘lidagi uzugini olib, o‘zining uzugini taqib, qaytib joyiga o‘tiribdi. Qiz uyg‘onib qarasa, qo‘lidagi uzugi o‘ziniki emas. Hayron bo‘libdi, lekin bu sirni hech kimga aytmabdi. Qizlarga bildirmasdan, uzukning egasini qidiribdi. Qiz yurib-yurib Rafiq o‘tirgan daraxt tagiga borib qolibdi. Rafiqni ko‘rib:
— Ey, yigit, bu yerlarda nima qilib yuribsiz? Agar otam bilib qolsa, sizni mayda-mayda qilib tashlaydi, — debdi.
Rafiq joyidan turib, dadillik bilan uni tushida yaxshi ko‘rib qolganini aytibdi. Qiz ham Rafiqni sevib qolibdi. Ular kampirning uyiga kelib, turmush quribdilar va bir qancha vaqt shu yerda yashabdilar. Bir kuni Rafiq o‘z shahriga qaytmoqchi bo‘libdi, otini minib kechasi jo‘nashibdi. Bir qancha yo‘l yurgandan keyin xotinining vaqti-soati yetib, bir o‘g‘il tug‘ibdi. Bu yerda na suv va na o‘t yo‘qligidan Rafiq o‘t va suv qidirib ketibdi. Ancha yurgandan keyin bir uydan tutun chiqqanini ko‘ribdi. O‘sha uyga kirib o‘t tilabdi. Uy egasi o‘t beribdi. Rafiq o‘tni qanday qilib olib ketishni bilmay, oxiri belbog‘ining bir uchini yondirib, oti bilan uchib kelayotganda o‘t yog‘och otga tegib, kuyib, yerga tushibdi.
Xotin uni kutib xafa bo‘lib o‘tirsa, karvonlar kelib qolibdi. Karvonlar xotinni o‘zlari bilan birga olib ketib, bir saroyda asrabdilar. Oradan bir necha yil o‘tgandan keyin o‘g‘li Rasuljon ancha katta bo‘lib qolibdi. Bir kuni xotin Rafiqning rasmini ko‘chaga osib qo‘yib, o‘g‘li Rasuljonga:
— Sen ko‘chada poylab o‘tir. Kimki shu rasmga qarab boshini ushlab tursa, darrov menga xabar ber, — debdi.
Rasuljon bir necha kunlar poylabdi. Kunlardan bir kuni Rafiq ko‘p yo‘llarni yurib shu qishloqqa kelib qolibdi.
Ko‘chada ketayotib, bir saroy eshigida osilib turgan o‘zining rasmini ko‘rib hayron bo‘lib qolibdi. Rasuljon rasmga tikilib qarab turgan odamni ko‘rib, onasiga xabar beribdi. Onasi kelib eri Rafiqni tanib ko‘rishibdi, xursand bo‘lishibdi. Rafiqning sochlari o‘sgan, ust-boshi to‘zib ketgan ekan. Xotini uni yuvintirib, yangi kiyimlar kiydiribdi. Bir kuni Rafiq ustasidan o‘rgangan duradgorlik hunarini ishlatib uchar yog‘och ot yasabdi. Bir necha kun shu saroyda yashabdilar. Rafiq xotinini sog‘-salomat olib kelganlarga rahmat aytib, o‘g‘li bilan uchar otga mingashib, o‘z shahriga jo‘nabdi.
O‘z yurtiga kelib, otasi va duradgor ustozi bilan ko‘rishibdi. Otasi o‘g‘lining sog‘-salomat izlagan qizini olib kelganiga xursand bo‘lib, to‘y-tomosha qilib beribdi. Rafiq duradgorning hunar o‘rgatganiga ko‘p rahmatlar aytibdi. Murod-maqsadlariga yetishibdi.
