Topishmoqlar to’plami bolalar uchun (javobi bilan)

Bolalar uchun topishmoqlar javoblari bilan (болалар учун топишмоклар жавоби билан)

Xush kelibsiz! Kichik yosh va oʼrta yoshdagi bolajonlar uchun oʼzbekcha topishmoqlar qidirayotgan boʼlsangiz, bu sahifa aynan siz uchun. Ushbu sahifada bolalar uchun oʼzbek tilida qiziqarli va aqlni charxlaydigan topishmoqlar toʼplami joylashtirilgan. Bolalarga zerikarli boʼlmasligi uchun turli-xil mavzularda topishmoq joylashtirishga harakat qildik, ota-onalarga osonroq boʼlishi uchun esa barcha topishmoqlarni javobi bilan joyladik. Marhamat!


Topishmoqlar bo’yicha kerakli mavzuni tanlang:

Hayvonlar

Kitob

Mevalar

Non

Qushlar

Raqamlar & sonlar

Sabzavotlar

Tabiat

Tana a’zolari


Kitob haqida topishmoqlar


Daraxt emas, yaproqli,
Ko‘ylak emas, etakli,
Odam emas so‘zlaydi,
Turli kuylar kuylaydi.
(Javobi: Kitob)


Ustida qopqoq,
Tagida qopqoq,
Ichinda yaproq.
(Javobi: Kitob)


Tilsiz, aql o‘rgatar.
(Javobi: Kitob)


Bodomcha bodomcha bilan,
Yetti kalit tom bilan.
Ne ko‘zi bor, ne og‘zi bor,
So‘ylashadi odam bilan.
(Javobi: Kitob)


Tabiat haqida topishmoqlar (oy, quyosh, yer, yulduz, suv, havo, qor, shamol, soya)


Oltin kelganda, kumush ketar,
Kumush kelganda, oltin ketar.
(Quyosh, Oy)


Bir parcha patir,
Olamga tatir.
(Oy)


Onasi bitta.
Bolasi mingta.
(Oy va yulduzlar)


Zar gilam, zar-zar gilam,
Ko‘taray desam, og‘ir gilam.
(Yer)


Ketaveradi, ketaveradi,
Orqasiga qaramaydi.
(Suv, ariq)


Ko‘zga ko‘rinmas,
Qo‘lga tutilmas.
(Havo)


Oppoqqina dasturxon,
Yer yuzini qoplagan.
(Qor)


Oq tovuq,
Katagi sovuq.
(Qor)


Oqqina tovuq xirmon sochar.
(Qor)


Oq sigir turib ketdi,
Qora sigir yotib qoldi.
(Qor, yer)


Qo‘lsiz, oyoqsiz eshik ochar.
(Shamol)


Chopsa, chopilmas,
Kessa, kesilmas.
(Soya)


Tana a’zolari haqida topishmoqlar


Kunduzi yonar,
Kechasi so‘nar.
(Ko‘z)


Ikki og‘ayni bir-birini ko‘rmaydi.
(Ko‘z)


Teg desam, tegmaydi,
Tegma desam, tegadi.
(Lab)


Besh og‘ayni yosh edi,
Ichida biri bosh edi.
(Barmoqlar)


Katta-kichik besh o‘rtoq,
Uyushsa bo‘lar to‘qmoq.
(Barmoqlar)


Ikki otim bor,
Bir-biridan chopog‘on.
(Oyoq)


Tursang turar,
Yetsang yotar.
(Oyoq)


Hayvonlar haqida topishmoqlar


Suvday chopadi,
Manzilga yetadi.
(Ot)


To‘rt oyoqli,
Temir tuyoqli.
(Ot)


Suvga tushsa mingta,
Suvdan chiqsa bitta.
(Otning dumi)


Quyon emas,
Uzun quloq,
Ot emas,
To‘rtta tuyoq.
(Eshak)


Tapir-tupir to‘rtovlon,
Hangragani birovlon.
(Eshak)


Oyog‘i popik,
Og‘zi ko‘pik.
(Tuya)


Bu yoqqa o‘tdi lop-lop,
U yoqqa o‘tdi lop-lop.
«Sho‘ra» dedi, qo‘ymadi,
Yutaverdi soplab.
(Tuya)


O‘zi katta,
Dumi kalta.
(Tuya)


Soyada yotar,
Ming qo‘y boqar.
(It, kuchuk)


Uyday joyni olar,
Sichqondan qo‘rqar.
(Fil)


Tuya desam, kattakon,
Usti keng, bir makon.
(Fil)


Qanoti bor uchmaydi,
Quruqlikda yurmaydi.
(Baliq)


Osti tosh, usti tosh,
O‘rtasida chandir bosh.
(Toshbaqa)


Tog‘u toshlarda toshtovoq,
Ichi to‘la go‘shtu yog‘.
(Toshbaqa)


Emaklagan toshni ko‘rdim,
Toshdan chiqqan boshni ko‘rdim:
(Toshbaqa)


Qushlar haqida topishmoqlar


Kasbi doim taqir-tuqur,
Qayda ilon ko‘rsa cho‘qir.
(Laylak)


Yuqoridan keladi zebogina tovshi bor,
Oyog‘ida paxmoqqina kovshi bor.
(Kaklik)


Saroyda sari otim,
Sebi bilan kishnaydi,
To‘qayda to‘riq otim,
To‘pi bilan kishnaydi.
(Kaklik)


Surp ko‘ylaklik,
Selon kamzullik.
(Olashaqshaq)


Atlas ko‘ylak qanoti,
Xush xabarchi odati.
(Zag‘izg‘on)


Yozda keladi,
Qishda ketadi.
(Zag‘izg‘on)


Gul ustida olifta ashulachi.
(Bulbul)


Zuv-zuv borag‘ay,
Tomdan qarag‘ay.
Cho‘p, loy cho‘qig‘ay,
Savat to‘qig‘ay.
(Qaldirg‘och)


Mevalar haqida topishmoqlar


Osh ichida tosh,
Tosh ichida osh.
(O‘rik)


O‘zi shirin, tukligina,
Mazasi bor, totligina.
(Shaftoli)


Bodom kabi yaprog‘i,
Sollanadi butog‘i.
(Shaftoli)


Past-past bo‘yi bor,
Malla to‘ni bor.
(Behi)


Mallagina to‘ni bor,
Nordongina ta’mi bor.
(Behi)


Dum-dumaloq bo‘yi bor,
Palovda obro‘yi bor.
(Behi)


Tashi qizil anorday,
Ichi oq — unday,
O‘tirishi gulday.
(Jiyda)


Kichkina dekcha,
Ichi to‘la mixcha.
(Anor)


Kichkina gumbaz ichida
Qizlar aylabdi makon.
Yuzlarida parda tutig‘lik,
Har birining bag‘ri qon.
(Anor)


Gulsiz bo‘lar mevasi,
Shirin-shirin donasi.
(Anjir)


Osti sariq, usti sariq,
Shirin, totli, ichi tariq.
(Anjir)


Tepdim, sandiq ochildi,
Yerga bodom sochildi.
(Do‘lana)


Sabzavotlar haqida topishmoqlar


Mayda-mayda uzunchoq,
Tashi ko‘k, ichida zirachak,
(Bodring)


Qat-qat to‘nli,
Qarich bo‘yli.
(Karam)


Qat-qat quloq,
Dum-dumaloq.
(Karam)


Yer tagida oltin bosh.
(Sholg‘om)


Yer tagida oltin qoziq.
(Sabzi)


Qizil qiz yer ostida,
Sochlari yer ustida.
(Sabzi)


Past-past bo‘yi bor,
Yetti qavat to‘ni bor.
(Piyoz)


Qirq ko‘ylagi bor,
Bir tugmasi yo‘q.
(Piyoz)


Bir barmoqcha bo‘yi bor,
Qizil baxmal to‘ni bor.
(Garmdori)


Non haqida topishmoqlar


Xom soldim,
Pishiq oldim.
(Yopgan non)


Sovuq kirib,
Issiq chiqar.
(Yopgan non)


Oq otdim,
Qizil oldim.
(Yopgan non)


Rus tilida topishmoqlar


Она приходит с ласкою
И со своею сказкою.
Волшебной палочкой
Взмахнет,
В лесу подснежник расцветет.
(Весна / Bahor)


Долгожданная пора!
Детвора кричит: Ура!
Что ж за радость это?
Наступило …
(Лето / Yoz)


Пришла без красок
И без кисти
И перекрасила все листья.
(Осень / Kuz)


Лишь стукнет она
К нам в окошко снежком,
Мы санки берём
И на горку — бегом!
(Зима / Qish)


Son bilan topishmoqlar (sonli, raqamli, songa oid)


Bir parcha patir,
Olamga tatir.
(Oy)


Onasi bitta.
Bolasi mingta.
(Oy va yulduzlar)


Ikki og‘ayni bir-birini ko‘rmaydi.
(Ko‘z)


Besh og‘ayni yosh edi,
Ichida biri bosh edi.
(Barmoqlar)


Ikki otim bor,
Bir-biridan chopog‘on.
(Oyoq)


To‘rt oyoqli,
Temir tuyoqli.
(Ot)


Quyon emas,
Uzun quloq,
Ot emas,
To‘rtta tuyoq.
(Eshak)


Qirq ko‘ylagi bor,
Bir tugmasi yo‘q.
(Piyoz)